Taqdimotlar
Muallif ko'rsatmalar
Maqola topshirish tartib-qoidalari
Mavzu va yo'nalish
Maqola jurnal ruknlaridan biriga mos keluvchi mavzu va yo'nalishga oid bo'lishi kerak. Dolzarb, ilmiy-amaliy ahamiyatga ega masalalar yoritilgan bo'lishi maqsadga muvofiq.
Originallik
Maqola original bo'lishi, ilgari biror nashrda chop etilmagan bo'lishi shart. Plagiatga yo'l qo'yilmaydi.
Til
Maqolalar uch tildan birida — o'zbek (lotin yozuvida), rus yoki ingliz tilida qabul qilinadi.
Maqolani ko'rib chiqish
Jurnal Tahrir hay'atiga kelib tushgan barcha ilmiy maqolalar «double-blind peer review» usulida anonim ekspertizadan o'tkaziladi. Tahrir hay'atining bir yoki bir necha a'zosi maqolani ko'rib chiqib, xulosa bildiradi. Ijobiy xulosa olingan taqdirdagina maqola jurnalda chop etiladi.
Tahrir huquqi
Tahririyat taqdim etilgan maqolalarni tahririy jihatdan qisqartirish, tuzatish va muharrirlik o'zgartishlari kiritish huquqiga ega (maqolaning mazmun-mohiyatiga ta'sir qilmagan holda). Belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki mavzu yo'nalishlari jurnal profiliga mos kelmagan maqolalar Tahrir hay'ati tomonidan ko'rib chiqilmaydi va muallifga qaytarilmaydi.
Talabgor mualliflar
Jurnalga professor-o'qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar (doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar) hamda ijtimoiy, madaniyat va san'at sohasi amaliyotida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ilmiy maqola topshirishlari mumkin.
Nashr to'liqligi
Jurnalning bir sonida bitta muallifning faqat bitta maqolasi nashr etiladi (mualliflarning hamkorlik / hammualliflikda yozgan maqolalari ham bir sonda nashr etishga yo'l qo'yilmaydi).
Maqolaga qo'yiladigan umumiy talablar
- Maqola MS Word matn muharririda, Times New Roman shriftida, 14 o'lchamda, 1,15 intervalda bo'lishi lozim.
- Matn A4 hajmda: yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, o'ngdan 1,5 sm joy qoldirib rasmiylashtirilishi kerak.
- Maqolaning hajmi annotatsiya, kalit so'zlar va foydalanilgan adabiyotlar bilan birga 4–8 bet oralig'ida bo'lishi, grammatik, orfografik va stilistik xatolardan hamda plagiatdan holi bo'lishi shart.
- Iqtiboslar — oxirgi 15 yilda chop etilgan kamida 6–8 ta manba bo'lishi zarur.
- Mavzu nomi bosh harflarda va qoraytirilgan holda beriladi; mavzudan oldin muallif(lar)ning F.I.SH., ilmiy daraja, unvonlari va ish (o'qish) joyi to'liq (qisqartmalarsiz) keltiriladi. Barcha ma'lumotlar o'zbek, rus va ingliz tillarida bo'lishi shart.
- Annotatsiya o'zbek (lotin yozuvi), rus va ingliz tillarida (12 shrift, 1 interval) yoziladi. Unda mavzuning tasnifi, ishning maqsadi, erishilgan natijalar va ilmiy yangilik aks ettiriladi. So'zlar soni 150–250 oralig'ida bo'lishi maqsadga muvofiq.
- Kalit so'zlar — kamida 6–8 tadan, uch tilda: o'zbek (lotin yozuvi), rus, ingliz.
- Maqola matni kengligi bo'yicha tekislangan bo'lishi kerak.
- Havolalar (snoskalar)
[1],[1,2,...],[2, B.170],[3, B.132, 185, 193]yoki[1, B.132; 3, B.185]ko'rinishida beriladi va maqola so'ngida foydalanilgan adabiyotlar sifatida ko'rsatiladi hamda qavs ichida ingliz tilidagi tarjimasi bilan (elektron resurslardan tashqari) keltiriladi. - Jadvallar «Jadval» so'zi va arab raqami bilan qayd etiladi: qayd raqami (nuqtasiz) o'ng tomonga, nomi keyingi qatorda o'rtada qoraytirilgan shriftda yoziladi.
- Maqoladagi ma'lumot va dalillarning aniqligi, to'g'riligi hamda ko'chirmakashlikka yo'l qo'yilmaganligiga muallif javobgardir.
- Ushbu talablarga javob bermagan materiallar jurnalda chop etish uchun qabul qilinmaydi.
Mualliflar uchun tavsiyalar
- Jurnalga yuborilgan maqolalar mualliflar tomonidan ilmiy va texnik talablarga moslashtirish uchun bir martalik tuzatish imkoniyati beriladi.
- Agar maqola tuzatishdan keyin ham jurnal talablariga javob bermasa, u nashr uchun qabul qilinmaydi.
Maqolani yuborishdan avval e'tibor bering
- Jurnalning barcha rasmiylashtirish talablariga rioya qilinganligini tekshiring.
- Ilmiy mazmun va metodologiya talablarga to'liq mos kelishini ta'minlang.
- Adabiyotlar ro'yxati va iqtiboslar standartlarga muvofiq tuzilganligini nazorat qiling.
Aloqa (maqola topshirish bo'yicha): Mas'ul — Kamoliddin Elmirov, tel: +998 90 003 05 07, e-mail: info@madaniyattalimimarkazi.uz.